Insoniyatga atalgan bepul ne'matlar
Yaqinda xorij ommaviy axborot vositalarida chiqitsiz oila haqida xabar berildi. Unda aytilishicha, bu oila ekologiyani asrash maqsadida bir necha yillardan beri qariyb chiqit tashlamas ekanlar. Masalan, yig`ilgan turli plastmass idishlardan uy jixozi yasasa, to`kilgan sochlarni to`plab, yostiq qilisharkan. Xorijda insonlarni tabiatni asrashga undovchi chaqiriq ruhidagi bu kabi xabarlarga tez-tez ko`zingiz tushadi. Sababi, shaharlarning yiriklashuvi, sanoatning tobora rivoj topishi, Yer yuzida odamlarning ko`payayotgani turli-tuman chiqitlar tashlanadigan yerning ham tobora kengayib borishiga olib kelmoqda. Ularning turli kimyoviy tarkibi esa ona tabiatga, u orqali insoniyatga katta xavf tug`diradi. Shuning uchun butun dunyo bo`ylab har bir rivojlangan, rivojlanayotgan
davlatlarda tabiatni muohafaza qilish bo`yicha katta ishlar olib borilmoqda, tabiatga kamroq ziyon yetkazish yo`llari izlanmoqda.
Yurtimizda ham ekologiyaning musaffoligini asrash bo`yicha davlatimizrahnamoligida turli harakat, tashkilotlar faoliyat yuritayapti. Ulardan biri
Samarqand viloyatidagi EKO «Zarafshon» nodavlat-notijorat tashkilotidir.
- Yer, suv, havoning tozaligi inson salomatligi uchun eng muhim omillardan sanaladi, - deydi tashkilot raxbari Gavxar Deusheva. – Ularni asrashda insonning ekologik bilimi katta ahamiyatga ega. Tashkilotimizning asosiy maqsadi ham shu – aholi o`rtasida ekologik bilim darajasini oshirish hamda ekologik jihatdan muhim qarorlar chiqarishda fuqarolik jamiyatining faolligini kuchaytirishdan iborat. 2002 yildan beri tashkilotimiz tomonidan bu borada talaygina ishlar amalga oshirildi. Obi hayot Ayni paytda Yer yuzi aholisining 1/4 foizi, ya'ni 1,5 mlrd. inson toza ichimlik suvidan mahrum. Bu ko`rsatkich Yevropada 100 mln. kishini tashkil qilsa, Markaziy Osiyo aholisining teng yarmi, O`zbekistonda esa 30 foizni tashkil qiladi. Shuning uchun ham BMT tomonidan 2005-2015 yillar «Suv - hayot uchun» dekadasi
deya e'lon qilingan. Shu o`n yil davomida suv bilan bog`li` turli loyiha,
dasturlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
- Bu bo`yicha tashkilotimiz tomonidan qator loyihalar amalga oshirildi, suxbatni davom ettiradi Gavxar opa. – Masalan, O`zbekistondagi ekologik NNTlar koalitsiyasi tomonidan moliyalashtirilgan «Daryo hamma uchun – hamma daryo uchun» deb nomlangan loyihamiz davomida bizning va hududlardagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda davlat organlariga suv yo`llarining ifloslanishini nazorat qiluvchi eski mexanizmlarni yaxshilash hamda yangilarini joriy etish bo`yicha 68 ta takliflar bildirildi. Albatta, ushbu takliflarning vujudga kelishi uchun Zarafshon daryosi suvi tarkibi o`rganildi, bu borada tahlillar o`tkazildi. Shuningdek, o`tgan yillar davomida amalga oshirilgan «Qishloq aholisi uchun – toza ichimlik suvi» deb nomlangan loyihamiz doirasida Jomboy tumanidagi Karabchi qishlog`idagi 130 ga yaqin oila toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo`lishdi.
Albatta, suv bilan ta'minlanishdan tashqari uning tozaligi ham muhim ahamiyatga ega. Uning tozaligini asrashda esa har birimiz o`z hissamizni qo`shishimiz, suvga turli chiqitlarni tashlamasligimiz, bolalarni kichik yoshdanoq suvning qadriga yetishga o`rgatishimiz lozim.
Vasila HABIBULLAYEVA
Комментарии
Отправить комментарий